O‘ZBEKISTON VA ITALIYA DIZAYNERLARNI O‘QITISH SOHASIDA HAMKORLIK QILADI

O‘ZBEKISTON VA ITALIYA DIZAYNERLARNI O‘QITISH SOHASIDA HAMKORLIK QILADI

    Mamlakatimizda kiyim-kechak dizayni sohasida mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga Italiya tajribasi va bilimlarini jalb qilish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTYeSI) va Peskara shahridagi Yevropa dizayn universiteti (UED) (Abrutstso, Italiya) o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda«Dunyo» AA muxbiri.
O‘zaro hamkorlikka oid hujjat pandemiya sharoitida nostandart shaklda imzolandi. O‘zbekiston vakillari tomonidan tasdiqlangan shartnoma Italiyaga yuborildi. Bu yerda esa unga, o‘z navbatida, UED  direktori Mauritsio Lepore, xalqaro aloqalar bo‘yicha menejeri Anjelo Buchchi va moda dizayni departamenti rahbari Anjelo Di Jirolamo imzo qo‘ydi.
   Memorandumni amalga oshirish doirasida «moda dizayni», «grafik dizayn» va «inter’er dizayni» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi amalga oshiriladi. Tashriflar davomida TTYeSI va UED vakillari birgalikda dizayn eskizlarini ishlab chiqadi, ular asosida mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Ushbu tadbirdan avval, ya’ni 2019 yil noyabr oyida UED delegatsiyasining xalqaro aloqalar bo‘yicha menejeri Anjelo Buchchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lgan edi. Safar doirasida italiyalik mutaxassislar TTYeSI rahbariyati, o‘qituvchilari va talabalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Delegatsiya Toshkent moda haftaligida UED bitiruvchisi, yosh dizayner David Di Iorioning ayollar uchun eksklyuziv kollektsiyasi bilan ishtirok etdi.
   O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasidagi uchrashuv chog’ida UED vakillari joriy yilning dekabr oyida Peskara shahrida “Fashion Night” deb nomlangan yosh dizaynerlar kollektsiyalari namoyishini tashkil etish niyatida ekanini bildirdi. Tashkilotchilar ushbu tadbirga o‘zbekistonlik talabalarni ham taklif etish niyatida.
   Uchrashuvda qatnashgan Sant-Anjelo shahri meri Matteo Peradzetti TTYeSI va UED o‘rtasidagi hamkorlik doirasi O‘zbekiston vakillari uchun ushbu tarixiy shaharga sayohatlar tashkil etish, shuningdek, birgalikda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. U O‘zbekiston shaharlaridan biri bilan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida birodarlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini izhor qildi.
    O‘zbekiston elchixonasida tashkil etilgan tadbirda mazkur mintaqaning ishbilarmon doiralari vakillari ham ishtirok etdi. Ular mamlakatimiz bilan ta’lim va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.
    Yevropa dizayn universiteti 1980 yil bir guruh tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan. U dastlab Adriatika politexnika universiteti deb nomlangan. UED Italiyada birinchilardan bo‘lib ta'lim jarayoniga «Macintosh» kompyuter tizimini joriy qilgan. Bu esa dizayn sohasida ilg’or texnologiyalardan keng foydalanish imkonini berdi. Universitetda arxitektura va dizayn, kommunikatsiyalar hamda moda fakul’tetlari bor. Oliy ta’lim muassasasida darslar, shuningdek, fotosurat, veb-sahifa, raqamli iqtisodiyot va kemalarni bezatish bo‘yicha ham mashg’ulotlar o‘tkaziladi.
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

YOPISH